![]() |
||||||||||||||||||||||||||||
|
Metin Karabasho'g'li PAYG‘AMBAR UYIMIZGA TASHRIF BUYURSA... Bu voqeadan beri kancha vaqt o‘tganini aniq eslolmayman. Yetti yoki sakkiz yil bo‘ldi chamasi. Galdagi o‘tirishimizda bitta do‘stimiz kassetaga yozib olingan she’rni qo‘yib eshittirdi. She’r rostdan ham juda ta’sirli edi. Audio tasmada uni o‘qigan kishini men yillar davomida muallifi o‘zi bo‘lsa kerak, deb o‘ylab keldim. Oradan bir necha yil o‘tib, xayr uchun ham sharr uchun ham bir xilda asqotadigan internet kashf etilgach, uning vositasida mazkur she’rni yana ko‘p bora eshitdim. Musulmonchilikka xizmat bo‘lsin degan niyatda ochilgan ellikka yaqin saytda bu she’rning inglizchada ham mo‘minlar e’tiboriga havola etilganining guvohi bo‘ldim. Muallifi xususida gap ketganda esa kimdir bilmayman desa, yana birov kimdan birinchi bor eshitgan bo‘lsa o‘shaning nomini aytar edi. Mana oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay she’r kimga tegishli, muallifi asli qaerlik ekanini haligacha bilolganim yo‘q. Ammo she’r haligacha internet tarmog‘i orqali juda ko‘pchilikka borib ulashayotganidan xabarim bor.
Muallif garchi savol bilan murojaat etayotgan bo‘lsa-da, holimiz ne kechishini juda yaxshi tasavvur qilayotgani so‘zlaridan shundoq sezilib turardi. Misralardan shu narsa anglashilardiki, she’rdan maqsad holimizni so‘rashgina emas, balki bugungi holimiz bilan musulmonning asl qiyofasi o‘rtasidagi farqni ko‘rsatishdan ham iborat bo‘lib, payg‘ambar qarshisiga chiqa oladigan yuzimiz yo‘q ekanini bilib qo‘yishimiz istanilmoqda edi. Ilk bor eshitganimda meni o‘ziga hamfikr etolgan misralar edi bular. Yashayotgan hayotim payg‘ambarimiz hayotiga to‘la mos tushmasligini juda yaxshi bilar edim chunki. Rasulullohning hayotida bo‘lgan bir qancha narsalar mening hayotimda yo‘q edi, buni bilardim. Uyimda Payg‘ambarning uyida bo‘lmagan juda ko‘p ashyolar mavjud ekanini ham inkor etolmasdim. Shu holatimda Rasululloh kelsa hijolatdan zo‘r bazo‘r nafas olishimni, uyatdan yuzlarim qizarib, dunyo menga tor kelishini tasavvur etishim oson edi. Men yashayotgan va yashashashim kerak bo‘lgan hayot o‘rtasida juda katta farq borligi uchun bunday o‘yga borishim juda tabiiy hol edi o‘shanda. Ammo taqvodorliklariga xavas bilan qaraydiganim boshqa kishilar ham «Payg‘ambar bizga kelsa» degan jumla karshisida yerga qarab o‘y surar holatda ekanliklari meni chuqur o‘yga toldirdi. Hatto ularning ba’zilari Payg‘ambarimiz uyimizga kirib biron so‘z aytishi tura tursin, ichkariga nazar tashlashi bilanoq kirmasdan teskari qaytardi, deb ishonar edilar. Nahot men xavas bilan qaragan, uylari Rasulullohning nurli xonadoniga biroz bo‘lsa-da o‘xshashiga ishonganim kishilar shunday o‘yda bo‘lsalar? Agar ular shunchalik umidsiz bo‘lsalar bu mavzu qarshisida men qanday qilib Payg‘ambar uyimga tashrif buyurishiga hatto kelgan taqdirida ham undan dakki eshitmasligimga umid qila olarmidim? Uning o‘zi tugul boshqalar ham yashashimni ko‘rib dakki berishga jazm eta olayotgan holatim bilan-a? Kimdir uyimdagi ashyolarni butlarga o‘xshatib, yana kimdir esa boshqa bir vaziyatimni ko‘rib tanbeh berayotgan bo‘lsa. Bir tomondan ular haq deyman o‘zimga o‘zim. Bu kreslolar qaerdan kelib qoldi o‘zi, bu stol-stullar, qimmatbaxo mebellar... Payg‘ambarimizning uyida yo‘q edi-ku ular! Shunday ekan ularni uyimizga keltirish bilan biz bid’atlarni ham boshlab kelmayapmizmi? Vaholanki hadisda «Barcha bid’atlar zalolattir», deyilgan, zalolat esa jahannamga yetaklashi tayin. Ammo shu o‘rinda yana bir o‘y tinchimni buzib, o‘ylashga majbur etadi, ya’ni bunday ashyolar payg‘ambarimizning uyida bo‘lmagani rost, ammo ularga qarata Rasululloh «butlar» degan ta’rifni hech ishlatgan edimi? Rasululloh(S.A.V) Ka’badagi butlarni yer bilan bir qilgan ishini uyimizga kelib qolsa yana takrorlarmidi rostdan ham? Boshqa birovlar esa shaxsimizga, aniqroq qilib aytsak ko‘rinishimizga qarab bizni ayblaydi. Soqol, salla - to‘nimiz yo‘q bo‘lsa holimizga voy demakdir. Rasulullohning soqol qo‘ygani va soqolning fitratdan ekanligini aytgani rostdir, ammo soqol qo‘ymaslik unga qarshi isyon ko‘tarish degani emas-ku! Hatto masalaga haddan tashqari jiddiy yondashib, soqolni iymon bilan teng qo‘yadigan kitoblar ham bor. Natijada soqoli bo‘lmagani yoki soqoli falon kishinikidan qisqa bo‘lganligi uchungina iymonidan shubhaga tushgan kishilarni ham ko‘rdi bu ko‘zlarim. Yana xuddi shu ko‘zlarim bilan hijobni paranjidan farqsiz deb tushunadigan kishilarga va kitoblarga ham shohid bo‘ldim va binoan alayh har-xil dashnomlarga chidab, hijob bilan Universitetlarda taxsil olib yurgan ba’zi mastura singillarimiz ularning nazarida gunohkor sanalishini angladim. Sunnatga uyg‘un hayot tarzini faqat o‘zlari tushungan shakldagina to‘g‘ri bo‘lishiga ishongan ba’zilarining ta’sirida, ayrim musulmon oilalarda ayanchli voqealar ro‘y berayotganiga ham guvox bo‘lganman. Rasululloh(S.A.V) kelsa uyalmaydigan bir uyim bo‘lsin degan o‘y bilan xonadonini Hazrat Payg‘ambarni sira xushnud etmaydigan janjal makoniga aylantirganlar yana xayolimga tinchlik bermasdi. Sunnatga mos hayot tarzi tushunchasi oldiga «menimcha» shartini qo‘ymay turib, xotini va bolalari bilan tortishuvga borgan, natijada esa farzandlarini sunnatning dushmaniga aylantirib qo‘yganlarni eslasam battar jonim achishardi. Hijobni paranjidan farqsiz deb tushungan ba’zi ayollar esa, ma’lum vaqt o‘tgach, tazyiq va yov qarashlardan qutulish maqsadida yopinishni ham butunlay tark etganlariga befarq bo‘la olish mumkinmi axir? Shu bilan birga, ba’zi murshidlar ayrim sunnat amallarga majburlashlari oqibatida muridlarining bugun farzlarni ham ado etmaydigan holga tushirib ko‘yganlarini bilaman. Bunga o‘xshagan misollar sanasam ado bo‘lmaydi. Ko‘rganlarim, bilganlarim, eshitganlarim «Payg‘ambar bizga kelsa» deb atalsa-da, «Payg‘ambar sizga kelsa» mazmunida bitilgan yukoridagi she’r jo‘rligida yagona manzarani gavdalantirardi ko‘z o‘ngimda. Ko‘rayotganigizdek natija to‘g‘ri chiqmayapti, demak qaerdadir xatoga yo‘l qo‘yilgani aniq, ammo qaerda? Nima edi bu xatolik?.. Chunki sunnat yo‘li ular o‘ylayotgan tuynukdangina iborat emasdi. Jild-jild xadis kitoblari vositasida kunimizgacha yetib kelgan sunnat yo‘li aslida turli fitratdagi kishilar o‘zlariga mos hayot kechirishlari uchun imkon beradigan nurli va keng bitta yo‘l ekanini tushundim. Misol uchun payg‘ambarimizdan «Eng fazilatli amal kaysinisi?» deb so‘ralganida u kishi so‘ragan kishilarning ehtiyoj va iste’dodlarini hisobga olib turlicha javoblar berganlar. Navqiron bir sahobaga «Olloh yo‘lida jahd ko‘rsatish», deb javob bersalar, ota-onasi qaramogida bo‘lgan boshqa biriga «Ota-onaga yaxshilik qilish», shaklida javob qaytarganlar. Keksa yoshdagi bir ayolga esa namozdan keyin qilinadigan tasbihot fazilatli amal sifatida talqin etiladi. Yana bir o‘rinda esa Rasululloh(S.A.V) ummati uchun namuna mavqeidagi qizi Fotimaning uyiga rangli va naqshli bir parda tutgani uchun kirmagani holda, xuddi shunday bezakli boshqa xonadonlarga qadam ranjida etishda ikkilanmagan. Hatto qiziga «U pardani falon kishilarning uyiga yubor», degan shaklda ko‘rsatma berganlar. U parda sening uchun butdir, olib chiqib yoq, deb buyurmaganlar. Shu kabi juda ko‘p o‘rinlarda Rasululloh(S.A.V) bay’at etgan kishilarga itoatni anglatar ekan, «kuchlaringiz yetgan nisbatta» degan shartni qo‘shganlar va bunga karab ashobi «Olloh Rasuli bizga o‘zimizdan ko‘ra ham shafqatlirokdir» deyishdan o‘zini tiyolmagan. Yo‘q, u eshikni taqqilatgani zamon bizning qalbimizga xuzursizlik bag‘ishlaydigan bir zot emas. Yoki qo‘liga xipchin olib yuradigan, tili pichoq kabi keskin ham emas. Aksincha «qo‘lidan va tilidan hech kimga zarar bermaydigan» insonlarning eng mukammal o‘rnagidir u. «Payg‘ambar bizga kelsa» deb boshlanadigan she’rdagi tasvirlar bilan, hadislar yordamida va mo‘’tabar kitoblar vositasida taniganim Payg‘ambar orasida shunchalik katta farq mavjud bo‘lib, bu narsa meni hayrat ko‘chasiga yetaklash bilan birga ayrim o‘rinlarda achchig‘imni keltiradigan darajada edi. Unda bir paytning o‘zida «rahmat payg‘ambari» «g‘azab payg‘ambari»ga aylangan, rahmat manzaralari esa kasvat rangiga bo‘yalgandek edi nazarimda. Axir ustiga ortiqcha yuk yuklangan tuyaning ko‘z yoshlarini muborak qo‘llari bilan artgan hamda egasiga biroz shafqatli bo‘lish kerakligini o‘rgatgan u emasmidi? O‘ziga bitta bo‘taloq hadya etilganida Hazrat Oyshaga «Olloh rafiqdir va U rifqni (yumshoqlikni) yoqtiradi. Rifq biror narsaning ichiga kirdimi bas, uni go‘zallashtiradi», degan shaklda tarbiya bergan payg‘ambar (S.A.V) qanday qilib bizga qo‘pol munosabatda bo‘lishi mumkin? «Mukofotning kattaligi, baloning kattaligiga ko‘radir», degan u nabiy, oxir zamonning og‘ir yuki ostida qolgan biz sho‘rliklarga qamchi bilan savalar darajada muomala ko‘rsatishini tasavvur qilib bo‘ladimi?... Vaholanki, bu kabi Rasuli Akramning qanday «rahmat payg‘ambari» bo‘lganligini ko‘rsatadigan minglab misollar bor hadis va siyar kitoblarda. Qolaversa Janobi Haqning «Biz Seni faqatgina olamlarga rahmat bo‘lsin deya yubordik» oyati jalilasining o‘ziyoq o‘rnak olishimiz uchun bizga kifoya qiladi. Hazrat Ali bu so‘zlarini Rasululloh (S.A.V) bilan birga kechirgan o‘ttiz yildan oshiq vaqt davomida ko‘rganlari asosida aytgan bo‘lsa, Payg‘ambar(S.A.V) bilan o‘n yil oila hayoti kechirgan Hazrat Oysha esa uni shunday ta’rif etadi: «Insonlarning eng go‘zal axloqlisi edi. Hech yomon so‘z aytmas, bo‘lmag‘ur ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmasdi. Bozorda baqirib–chaqirmas va yomonlikka yomonlik bilan javob berishga urinmas edi. Faqat kechirimlilik qilardi. Insonlarning eng nozik tabiati, go‘zal xulqlisi va xushmuomalasi edi ul zot. Olloh yo‘lida jihod qilishning tashqarisida biror xizmatkor yoki joriya, umuman hech kimga qo‘l ko‘targan emaslar.» Vaholanki unday bo‘lmagan. To‘g‘ri, o‘z vaqtida Olloh va uning rasulining(S.A.V) yonini olib butun dunyoga qarshi urushishga ham tayyor turgan, islom yo‘lining «saffi avvali» bo‘lish kabi muazzam bir mavqe egallagan kishilar sanalishadi ular. Ammo bu ularning hech qachon xato ish qilmaganliklarini anglatmaydi. Agar ular xato qilishmaganda xatolardan boshimiz chiqmayotgan bizlarga yo‘l ko‘rsatadigan o‘rnak insonlar bo‘la olisharmidi? Sahobalar orasida johiliyat davrida ham Abu Bakr(R.A) kabi o‘zlariga dog‘ yuqtirmagan kimsalar bo‘lgan, biroq bundaylarining soni barmoq bilan sanarli darajada oz edi. Ularning aksari johiliyatning eng chuqur botqoqliklaridan chiqib kelib Islomni topgan kishilar sanalishadi. Islomdan oldingi Umar bilan Islomdan keyingi Umar fikrimizga eng yorqin misoldir. Qizini tiriklayin ko‘mgan Umar, Makkaning eng ko‘p ichuvchilari orasida bo‘lgan Umar, jahli chiqqan paytda hech kimning ko‘z yoshiga qarab o‘tirmagan Umar Islom bilan sharaflangandan so‘ng tubdan o‘zgargan edi. Umar yoki Hamza kabi sahobalar arokxo‘rlarning davrasini tark etib islomni tanlashlari, bugungi kunda ushbu illatdan qutula olmayotganlar uchun naqadar go‘zal o‘rnakdir. Ularga musulmonchilikni tanlash uchun iroda insoni bo‘lishning darsini beribgina qolmay, mumtoz insonga aylanishlari uchun hali ham fursat borligini ma’nan shivirlaydilar va shu shaklda shaytonning ayyorlik bilan qurgan umidsizlik tuzog‘iga tushishlaridan ularni saqlab qolgan bo‘ladilar. Boshka tarafdan esa biz kabilarga sarxush bo‘lib yurganlar ruhida ham bir Umar, shoshqaloq bir kishining ruhida esa Abu Zar, umri shu damda zeb-ziynatlarga burkanib o‘tayotgan erkatoy birisining ruhida bir Mus’ab urugi hayotga yo‘l topolmayotgan bo‘lishi mumkinligini dars beradi. Sahobalarni hech xato qilmaydigan insonlar deb o‘ylash bilan Rasululloh(S.A.V) qo‘li bilan yuzaga kelgan mo‘’jizaviy o‘zgarishlardan ham ko‘z yumgan bo‘lamiz va bugungi kunda Rasululloh(S.A.V) keltirgan nur oydinligi ichida shu kabi o‘zgarishlar amalga oshishini ta’minlaydigan darslardan benasib qolgan bo‘lamiz.Biz uchun yana bir guzal o‘rnak shubhasiz Uxud jangida ro‘y bergan edi. Jangda Rasulullohning (S.A.V) ko‘rsatmasiga xilof tarzda qilingan ishlar natijasida amakisi Hamza, bayroqdori Mus’ab singari bir nechta mashhur sahobalarning shahid bo‘lishlariga, o‘zi esa yuzidan yaralanib, tishi singan bo‘lishiga qaramay, Janobi Haqning Qur’on orkali buyurgan amriga bo‘ysungan holda aybdorlarga bir og‘iz ham yomon so‘z aytmagan edi. Agar Rasululloh(S.A.V) shunday kilmaganida va jaxl ustida ularga qattiq munosabatda bo‘lganida edi Qur’onda aytilgani kabi atrofidagilar bir-bir tarqab ketgan bo‘lishardi. Unday qilolmasdi ham, chunki U RAHMAT PAYG‘AMBARI EDI, YIQILGANLARNING DO‘STI EDI, AKSINCHA ULARNI YIQITGAN SHAYTONNING EMAS. Uning faqatgina shu xislatiga qarab ham musulmon bo‘lganlar bor edi atrofida. Uni o‘ldirish uchun uchi zaharli qilich bilan masjidga kelgan, ammo Masjidi Nabaviydan chiqmay turib musulmon bo‘lgan Umayr bin Vahbning qalbiga kirgan sir shundan iborat emasmidi? Hunaynda qatl etish rejasi bilan mashg‘ul bo‘lgan Shayba bin Usmon uning tabassumli yuzini ko‘rishi bilan, hamda muborak qo‘llari ko‘ksiga kelib tekkan zahotiyoq butunlay boshqa bir insonga aylanib qolmaganmidi? Yuqoridagi she’rda «Sunnatga uyg‘un yashamoq» shiori ostida kamchiliklar tilga olinar ekan muvozanatni saqlay olmaslik bilan galdagi xatoga yo‘l qo‘yiladi. Muvozanatni buzmaslik uchun ifrat va tafritga tushmaslik shartdir. Qudsiy Nabiy (S.A.V) «Oson qilib ko‘rsating, qiyinlashtirmang», der ekan muvozanatni saqlashga chaqiradi bizni. Demak osonni qiyin qilib ko‘rsatganlar ham, osonlikni su’istemol qilganlar ham bu amrni bajara olishmagan demakdir. Shayton bu o‘rinda loqayd insonlarga su’istemol qilish yo‘lini, ruhi taslimiyatga moyil bo‘lganlarga esa qiyinlashtirish usulini to‘g‘ri kilib ko‘rsatish bilan navbatdagi tuzog‘ini qo‘yadi. Shaytonga aldanmaslik uchun esa Rasuli Akramning (S.A.V) «Xayrul-umuru avsatuxa» (Ishlarning xayrlisi o‘rtachasidir) so‘zi bizga yana bir darslik vazifasini o‘taydi. Bunga amal qilmagan kishilar o‘zlarini qiyinchiliklarga duchor qilib yo‘lni adashtirgan nasorolarga o‘xshab qolishlari extimoldan holi emas. Vaholanki Payg‘ambarimiz ummatiga loqaydlik qilib yahudiylarga o‘xshab qolmaslik bilan birga, nasoroga o‘xshab yurib bo‘lmas yo‘lga hammani zo‘rlamaslikni ham dars berganlar. Qani edi, Payg‘ambar bizning uyimizga ham kelsa... |
|||||||||||||||||||||||||||
Ziyo Uz | Bosh sahifa | Sayt haqida | Qur'oni karim |
Hadisi sharif | Yangiliklar | Namoznoma | Kutubxona | Maqolalar | Hikmatlar Hikoyatlar | She'riyat | Islomiy saytlar | Namoz vaqti | Fotogalereya | Forum | Mehmonxona |
||||||||||||||||||||||||||||